Bugun 24 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

1 dekabrdan ayrim issiqxonalar elektr, gaz va suv ta’minotidan uzilishi mumkin

1 dekabrdan ayrim issiqxonalar elektr, gaz va suv ta’minotidan uzilishi mumkin

Toshkent shahri va poytaxtga yaqin beshta tumanda issiqxona xo‘jaliklari faoliyati ustidan ekologik nazorat kuchaytiriladi. Yangi talablarga rioya qilmagan tadbirkorlar 1 dekabrdan elektr, gaz va suv ta’minotidan uzilishi mumkin.

Hukumatning 22 oktyabrdagi 586-son qaroriga muvofiq, maxsus ekologik tartib Toshkent shahri hamda Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida amal qiladi.

Mazkur hududlardagi issiqxonalar 2026 yil 1 dekabrgacha ekologik toza isitish tizimlariga o‘tishi lozim. Bunda tabiiy yoki suyultirilgan gaz, elektr, quyosh, geotermal energiya va issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanish mumkin.

Ko‘mir, briket va biomassa pelletlarini ishlatish esa faqat maxsus talablar bajarilgan taqdirda ruxsat etiladi. Buning uchun qozonxonalar avtomatik boshqaruv, chang-gaz tozalash va uzluksiz monitoring uskunalari bilan jihozlanishi shart. Shuningdek, onlayn kameralar, zaxira generatori o‘rnatilishi va chiqindilar utilizasiya qilinishi kerak.

Issiqxonalarda avtomobil shinalari, mazut, plastmassa, rezina, ishlatilgan moylar va boshqa zararli chiqindilarni yoqish qat’iyan taqiqlanadi.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy yengilliklar ham belgilangan. Xususan, 2028 yilgacha ekologik uskunalar xaridining 50 foiziga, har bir gektar uchun 50 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Muqobil isitish tizimlariga o‘tish uchun esa har gektarga 3 milliard so‘mgacha, 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kreditlar ajratiladi. Avtomatik monitoring stansiyalarini 350 million so‘mgacha mablag‘ evaziga yetti yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati ham yaratiladi.

1 dekabrdan talablarni bajarmagan xo‘jaliklarga ijobiy ekologik xulosa berilmaydi, amaldagi xulosalar esa vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Issiqxonalar har yili 15 oktyabrdan 15 martgacha maxsus nazoratdan o‘tkaziladi. Inson salomatligi uchun jiddiy xavf aniqlansa, ularning faoliyati 10 kungacha to‘xtatib turilishi mumkin.

Kiritildi: 14:37 23.10.2026. O'qildi: 498 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!