Pentagonning maxfiyligi ochilgan hujjatlarining navbatdagi to‘plamidan AQShning Yuta shtatida paydo bo‘lgan sirli bo‘ri-odam haqidagi hisobot aniqlandi.
VT.co nashri xabar berishicha, AQSh Mudofaa vazirligi topshirig‘iga ko‘ra, ushbu holat 2010 yilda faoliyati hozirda to‘xtatilgan xususiy aerokosmik kompaniya — Bigelow Aerospace Advanced Space Studies (BAASS) tomonidan tekshirilgan.
Harbiylar Fort-Dyushen aholisining Skinuoker ranchosi atrofida jun bilan qoplangan g‘alati jonzotni ko‘rgani haqidagi xabarlariga qiziqish bildirgan.
Hisobotda bo‘ri-odam deb atalgan jonzotni ko‘rganini aytgan 25 nafar guvoh, jumladan, polisiya xodimlari uning bo‘yi taxminan 1,8 metr, vazni esa 110 kilogrammdan ortiq bo‘lganini bildirgan.
Guvohlarning ta’riflashicha, jonzotning kalta qora-kulrang juni, uchli quloqlari va kalta dumi bo‘lgan. Boshi nemis ovcharkasiga o‘xshagan, ammo burni insonnikini eslatgan. Go‘yoki, u juda katta tezlikda sakrab harakatlangan.
Hisobotda keltirilgan voqealardan birida jonzot tikanli simdan yasalgan to‘siqqa borib urilgan va shundan so‘ng g‘ayritabiiy uvillash ovozini chiqargan.
Sirli hayvonning jun tolalari to‘siqda qolgan va mahalliy aholi ularni BAASS mutaxassislariga topshirgan. Kompaniya xodimlari jun namunasini DNK tahlilidan o‘tkazib, uni mahalliy itlardan biriga tegishli degan xulosaga kelgan.
Biroq mutaxassislar bu natija faqat tekshirilgan jun namunasining kelib chiqishini ko‘rsatishini, «bo‘ri-odam» aslida it bo‘lganini isbotlamasligini ta’kidlagan. Pentagon ushbu hodisa yuzasidan rasmiy xulosa chiqarmagan.
Bundan tashqari, Fort-Dyushen atrofida yashovchilar BAASS vakillariga bu hududda olov sharlari va qandaydir kichik odamsimon mavjudotlar paydo bo‘lishi, hatto balandligi 12 metrga yetadigan «boshqa olamga olib boruvchi portal» ochilgani haqida ham gapirib berishgan.
Ushbu xabarlar bo‘yicha ham hech qanday rasmiy xulosa berilmagan.