Tehron inqilobiy sudi mashhur eronlik rejissyor Ja’far Panohiyni mol-mulkini musodara qilish sharti bilan besh yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi.
Bu haqda Emtedad axborot agentligi ma’lum qilindi.
Kinorejissyorga nisbatan hukm uning ishtirokisiz chiqarilgan. Bu haqda uning advokati Mustafo Nili ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Panohiyga, shuningdek, ikki yil davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va xorijga chiqish taqiqlangan. Rejissyorga qanday ayblovlar qo‘yilgani hozircha ma’lum qilinmagan.
Advokatning aytishicha, o‘tgan hafta rejissyorning barcha bank hisoblari ogohlantirishsiz muzlatib qo‘yilgan. Ushbu qaror sabablarini aniqlash uchun prokuror idorasiga borgan Nili Panohiyga nisbatan hukm chiqarilganini bilgan. Sud qarorda kinorejissyor Erondan tashqarida yashayotganini qayd etgan.
Ayni paytda Panohiy 2026 yil 30 mart kuni vatanga qaytgan. U bundan biroz oldin «Oskar» mukofotini topshirish marosimida ishtirok etish uchun Los-Anjelesga borgan edi. Uning «Oddiy tasodif» filmi «Eng yaxshi xorijiy film» va «Eng yaxshi original ssenariy» nominasiyalarida mukofotga da’vogar bo‘lgan.
«Men o‘z mamlakatida bo‘lishi kerak bo‘lgan insonman. Faqat shu yerdagina nafas olishim va ishlashim mumkin. Agar meni qamoqqa tashlamoqchi bo‘lishsa, mayli, qamashsin. Vatanga qaytish haqidagi qarorimni hech narsa o‘zgartira olmaydi», — degan rejissyor mart oyida Variety nashriga bergan intervyusida. O‘shanda uni bir yillik qamoq jazosi kutayotgan edi.
2022 yilda Panohiy bir guruh eronlik rejissyorlar bilan birga ishtirok etgan norozilik namoyishlari munosabati bilan hibsga olingan va yetti oy qamoqda saqlangan.
2025 yilda uning «Oddiy tasodif» filmi Kann kinofestivalining bosh sovrini — «Oltin palma shoxi»ni qo‘lga kiritgan. 2015 yilda esa rejissyorning «Tehron taksisi» filmi Berlin kinofestivalida «Oltin ayiq» mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Rejissyorning ushbu va boshqa ayrim filmlari yashirin ravishda suratga olingan. 2010 yilda Eron hukumati unga 20 yil davomida kino sohasida ishlashni taqiqlagan edi. Bu cheklovlar faqat 2023 yilda bekor qilingan.