Fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor fuqaro B.D.dan undiruvchi bank foydasiga 541 mln. so‘m undirish, undiruvni garovdagi qarzdorga tegishli bo‘lgan Toshkent shahar, M.Ulug‘bek tumani, Geofizika ko‘chasida joylashgan ko‘chmas mulkka qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Toshkent shahar boshqarmasiga 05.03.2025 yilda kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” Qonunining 23-moddasiga asosan, ijro yuritish qo‘zg‘atilib, qarzdorga 15 kunlik ixtiyoriy muddat belgilangan.
Ijro harakatlari davomida, 17.04.2025 yil kuni xolislar, kadastr xizmati mutaxassisi va undiruvchi ishtirokida garov mulki bo‘lgan xonadon xatlangan.
Shundan so‘ng, boshqarma inspektori tomonidan mazkur ko‘chmas mulkni “Mol-mulkni elektron onlayn-auksionda sotish uchun chiqarish to‘g‘risida” qaror qabul qilinib, taraflar ogohlantirilgan. Hozirda xatlangan mulk auksion savdolarida 535 mln. 350 ming so‘mga sotilgan bo‘lib, savdodan tushgan pul mablag‘lari undiruvchi bank foydasiga yo‘naltirilgan.