“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman/shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Jizzax viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, Jizzax pedagogika universitetining Zarbdor tumanida joylashgan sirtqi bo‘lim binosida tabiiy gazdan foydalanish holati ko‘zdan kechirilganda, binoni o‘rnatilgan gaz uskunalarining quvvati gaz hisoblash uskunasidagi maksimal hisoblash quvvatidan ortiq ekani aniqlandi.
Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi va dastlabki xulosalarga ko‘ra 3 milliard 520 million so‘mlik zarar hisoblandi.
Shuningdek, “O‘zenergoinspeksiya” Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida G‘allaorol tumanida “A.U.B.” oilaviy korxonasi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasiga 2 milliard 217 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.