Bugun biz jangovor ofiser, O‘zbekiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Ahmedov Rustam Urmanovich bilan butunlay xayrlashmoqdamiz.
Rustam Urmonovich o‘zining 40 yildan oshiq umrini Qurolli Kuchlarga fidoyilik bilan bag‘ishlab, mustaqil O‘zbekiston milliy armiyasi tiklanishining dastlabki yillarida mamlakat uchun, uning xavfsizligini ta’minlash va xalqimizni osoyishtalig‘ini himoya qilish uchun g‘oyat ko‘p ishlarni amalga oshirgan insonlardan biri.
General-polkovnik Ahmedov Rustam Urmanovich 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida tavallud topgan.
1965 yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini “tank qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi” mutaxassisligi bo‘yicha, 1985 yilda esa Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasini “qo‘mondon-shtab operativ-taktik” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1966 yildan 1972 yilgacha Baltiqbo‘yi qo‘shinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qo‘shinlar tankchilar diviziyasi tankchilar batalyoni komandirining siyosiy bo‘lim bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972 yildan 1986 yilgacha Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalyonida komandirning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda batalyon komandiri lavozimlarida xizmat o‘tagan.
1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan.
1991 yildan 1992 yilgacha bir vaqtning o‘zida mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo‘yicha vaziri – O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qo‘mondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Ahmedov Rustam Urmanovich mustaqil O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997 yil sentyabr oyidan 1998 yil sentyabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritganligi ham barchamizga ma’lum.
1998 yilda nafaqaga chiqib, bugungi kungacha yoshlarga ofiser sharafi va insoniy kamtarlik namunasi bo‘lib keldi.
Shuningdek, 2018 yildan 2020 yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yo‘nalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan.
Ko‘p yillik fidoyi xizmatlari uchun Sobiq Ittifoq va O‘zbekiston Respublikasining bir qator orden va medallari bilan taqdirlangan.
1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i va 1995 yilda II darajali “Shon-shuhrat” ordeni bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston Respublikasi milliy armiyasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2018 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
General-polkovnik R.U.Ahmedov rahbarligida mustaqillikning dastlabki yillarida armiyani, qo‘l-yarog‘ va harbiy texnikani saqlab qolish, harbiy infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, harbiy xizmat nufuzini oshirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Bularning barchasini ortida, xech shubhasiz, Rustam Urmanovichga xos bo‘lgan sabr-matonat, tinimsiz mehnat, yuksak mas’uliyat, professionalizm va Vatanga mehr-muhabbat fazilatlari mujassamdir.
Rustam Urmanovich uzoq yillik xizmat faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar yetishtirib chiqardi. U o‘zining keng bilim doirasi, rahbarlik iste’dodi va yuqori darajadagi shaxsiy mas’uliyati bilan jamiyatimizda obro‘-e’tibor qozondi.
General-polkovnik R.U.Ahmedovning shonli hayot yo‘li – bu xizmat, sadoqat va yuksak mas’uliyat namunasidir. Uning mehnatlari, Vatanimiz oldidagi xizmati, sadoqati va shaxsiy fazilatlari bizning xotiramizda abadiy saqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati Rustam Urmanovichning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi, hamdardlik izhor qiladi. Bu yo‘qotish og‘ir, bevaqt va o‘rnini xech narsa bosa olmaydi.
Ahmedov Rustam Urmanovich bilan vidolashuv 13 oktyabr kuni soat 11:30 da Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Orol 3-tor ko‘chasi 13-uyda bo‘lib o‘tadi.