Vladimir Zelenskiy Donald Tramp bilan Vashingtonda uchrashishini tasdiqladi
Ukraina prezidenti 17 oktyabr, juma kuni Donald Tramp bilan uchrashishini va “bir qator masalalar”ni muhokama qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Axios nashrining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, ikki davlat rahbari kutilayotgan uchrashuvda Ukrainaga qanday qurollar yetkazib berish masalasi, jumladan, uzoq masofali Tomahawk raketalarini jo‘natish ehtimolini muhokama qilishadi.
"Telefon orqali muhokama qilib bo‘lmaydigan ayrim masalalar bor", – deyiladi, nashr xabarida.
Bundan tashqari, Zelenskiy mudofaa hamda energetika kompaniyalari rahbarlari va ehtimol amerikalik senatorlar hamda kongressmenlar bilan bir nechta muhim uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Zelenskiyga ko‘ra, mamlakat delegasiyasi allaqachon AQShga yo‘l olgan. Delegasiyadan bosh vazir Yuliya Sviridenko, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov hamda diplomatik korpusning bir necha vakillari o‘rin olgan.