Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor “E.H.” qurilish korxonasidan undiruvchi T.N. foydasiga 366 mln. so‘m miqdorida qarz undirish to‘g‘risida ijro hujjati Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Fuqaro 2022 yilda yaxshi niyatlarda xonadon sotib olish maqsadida, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning quruvchisi huzuriga boradi. Fuqaro va quruvchi o‘rtasida shartnoma imzolanib, belgilangan muddatlarda yangi uy qurib, xonadonlar o‘z egalariga topshirilishi ma’lum bo‘ladi. Biroq, fuqaro 2 yil kutadi, quruvchi tomonidan belgilangan muddatda ham xonadon fuqaroga topshirilmagach, 2024 yilda fuqaro tegishli organlarga murojaat qiladi.
Qarzdorga nisbatan berilgan ixtiyoriy muddatda fuqaro foydasiga qarz summalari qoplab berilmagach, davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198-prim 1-moddasi 2-qismiga asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barovar miqdorida qarzdorga nisbatan jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, Byuroning tuman bo‘limi tomonidan qarzdorning ko‘char va ko‘chmas mulklari va bank hisob raqamlarini aniqlash maqsadida, tegishli tashkilotlarga so‘rovnoma xatlari yuborilgan.
Bundan tashqari, qarzdorning nomida M.Ulug‘bek tumani, Oltintepa ko‘chasida joylashgan noturar bino borligi aniqlangan va ushbu ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida 09.10.2025 yil qarzdor tashkilotdan fuqaro foydasiga 366 mln. so‘m undirib berilgan.
Xususan, qarzdor tashkilotning soliq va yana boshqa fuqarolar foydasiga bo‘lgan 1,5 mlrd. so‘mlik qarz undirish ijro hujjatlari ish yurituvga kelib tushgan bo‘lib, noturar binoni auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda, savdodan tushgan pul mablag‘lari qolgan qarzdorliklarni qoplash uchun yo‘naltiriladi.