AQSh hukumati noqonuniy muhojirlarni qaytarish bo‘yicha deportasiya reysini amalga oshirdi jarayonni qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
7 sentyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonga deportasiya reysini amalga oshirdi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qilishicha, ushbu samolyot orqali mamlakat hududida qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar o‘zbekistonlik qaytarilgan.
AQSh rasmiylari mazkur reysni noqonuniy immigrasiyaga qarshi kurash hamda davlat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan doimiy choralar doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi. “AQShga noqonuniy kirib kelgan shaxslar hibsga olinadi va deport qilinadi”, deyiladi elchixona bayonotida.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatiga deportasiya jarayonida ko‘rsatilgan hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Elchixona bu hamkorlikni “mamlakatlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yaqqol ifodasi” sifatida qayd etdi.
Ma’lumot uchun, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida noqonuniy muhojirlarni qaytarish bo‘yicha muloqot muntazam davom etib kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi deportasiya reyslari kelgusida ham tashkil etilishi mumkin.