Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi hamda IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan A.A. (muqaddam sudlangan) “Damas” rusumli avtomashinasida inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi 124 dona kapsuladagi “Regapen” nomli dori vositasini Andijon shahrida o‘tkazish maqsadida olib kelganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yakkasaroy tumani, “Qushbegi” mavzesidagi “N.A.” MCHJ dorixona farmasevti U.T. 50 dona “Omnadren 250” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 3 mln so‘mga shifokor reseptisiz sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud 200 kapsula “Benzonal” nomli dori vositasini 1,2 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.