Ijtimoiy tarmoqlarda Olimpiada chempioni Navoiy shahrida bir fuqaroning yuziga urib, tan jarohati yetkazgani aks etgan videoxabar bo‘yicha Navoiy viloyati IIB rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 22 avgust kuni soat 02:00 larda Navoiy shahar Ziyokor mahallasida sodir bo‘lgan. Karmana tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan S.A. ovqatlanishdan keyin qolgan to‘lovni olib kelish uchun tashqariga chiqqan vaqtda, restoranda ishlovchi 2004 yilda tug‘ilgan M.U. undan qarzdorlikni to‘lashini so‘ragan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan S.A. M.U. bilan tortishib, uning yuziga urgan.
Surishtiruvlar davomida S.A. Olimpiada chempioni emasligi aniqlandi. U voqea joyiga 1995 yilda tug‘ilgan disk uloqtirish bo‘yicha ikki karra Paralimpiada chempioni E.S. bilan birga borgani ma’lum bo‘ldi. Voqea paytida E.S. avtomashina salonida bo‘lgan, keyinchalik vaziyatga aralashib, S.A.ni tinchlantirishga harakat qilgan hamda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.