Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida ayol va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazilganligi to‘g‘risida tarqalayotgan xabar Surxandaryo viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 26 avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi mahallalarning birida no’malum ayol kishi antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilganligi haqida kelib tushgan xabarga asosan, mahalla profilaktika inspektori tomonidan zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, xonadon egalarini qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzib, xonadon egasi 1981 y.t. fuqaro SH.A.ning norasmiy turmush o‘rtog‘i 1997 y.t. fuqaro X.G. va uning 5 oylik o‘g‘il farzandi og‘ir sharoitda majburlab saqlanib kelayotganligini aniqlab, jabrlanuvchilarni zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.
Holat o‘rganilganda, xonadon egasi fuqaro SH.A., shu xonadonda yashovchi onasi va yaqin qarindoshlari bilan oldindan til biriktirib, norasmiy turmush o‘rtog‘i fuqaro X.G.ni ruhiy holatidagi o‘zgarishlari borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi) foydalanib bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ishlatib, majburlab, xonadon ichidagi molxonada yashirin ravishda saqlab kelishganligi aniq bo‘lgan.
Hozirda jabrlanuvchi X.G. Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa tug‘ruq bo‘limiga davolanish uchun joylashtirilib, ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi ma’sullari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Holat yuzasidan, Uzun tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 126 prim 1-moddasi 7-qismi “a”, “e” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi SH.A. prosessual tartibda qamoqqa olingan, shuningdek ishga aloqador bo‘lgan xonadonda yashovchi boshqa fuqarolar ham tergovga jalb qilinib, bir nafariga nisbatan “Qidiruv” e’lon qilingan.
Hozirda ish yuzasidan barcha tegishli sud-tibbiyot ekspertizalari tayinlanib, tergov-prosessual harakatlar olib borilmoqda.