Ukraina prezidenti Putin bilan muzokaralar uchun Moskvaga bormasligini aytdi va uni Kiyevga taklif qildi.
Zelenskiy ABC News telekanaliga bergan intervyusida, shuningdek Putinning Moskvada uchrashuv o‘tkazish g‘oyasi vaqtni cho‘zishga qaratilgani, Kreml esa Qo‘shma Shtatlar bilan «o‘yin o‘ynayotgani»ni ta’kidlagan.
«Har kuni mamlakatim raketa zarbalari va hujumlarga uchrayotgan bir paytda men Moskvaga bora olmayman. Men bu terrorchilarning poytaxtiga bora olmayman», – deydi Zelenskiy.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Putin «buni tushunadi».
Eslatib o‘tamiz, Putin Xitoyga tashrifining yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Ukraina prezidenti bilan uchrashuv masalasiga to‘xtalib, bunday uchrashuvlarni rad etmaganini, agar Zelenskiy tayyor bo‘lsa, muzokaralar uchun Moskvaga kelishi mumkinligini aytgandi.