Evroosiyoni velosipedda eng tez kesib o‘tish bo‘yicha jahon rekordini yangilashga uringan fransiyalik Sofian Sehili Vladivostokda hibsga olindi. Bu haqda o‘z manbalariga asoslanib Le Monde xabar berdi.
Sehili chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda, deb yozdi nashr.
Sehili 44 yoshda. U hujjatli filmlar ijodkori bo‘lgan, 2012 yilda kasbini velosportga o‘zgartirgan. O‘shandan buyon u 20 ga yaqin ko‘p kilometrlik poygalarda qatnashib, ularning 11 tasida g‘alaba qozondi. Ular orasida Kanada va Meksikadan 4 500 kilometrga cho‘zilgan Tour Divide poygasi ham bor.
Iyun oyi o‘rtalarida Sehili o‘zining instagram-sahifasida 2017 yilda Yevroosiyoni velosipedda eng tez bosib o‘tib rekord o‘rnatgan germaniyalik Yonas Deyxmanning rekordini yangilashni orzu qilayotganini yozgan edi. Va u olis hamda mashaqqatli safarga otlanib, Portugaliyaning Roka burnidan Vladivostokkacha 64 kun, ikki soat va 26 daqiqada yetib bordi.
Sehili velosayohatga 2025 yil 1 iyulda Portugaliyadan jo‘nab ketdi. U Instagramdagi postlaridan ma’lum bo‘lishicha, u birinchi marta iyul oyi oxirida Chechenistonga Gruziya orqali kirib, Rossiya chegarasini kesib o‘tgan. U Rossiyani Astraxan viloyati orqali tark etib, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston hududlari bo‘ylab sayohatni davom ettirgan.
Xitoyda Sehili o‘z sayohatini to‘xtatdi, deb yozdi Le Monde.
Sofian Sehili
«Marra juda yaqin qolganida muvaffaqiyatsizlikka uchrash yurakni ezadi. Endi menda yana rekordni yangilash uchun urinib ko‘rishni xohlash-xohlamasligimni hal qilish uchun o‘n oy vaqt bor... yoki bu abadiy muvaffaqiyatsizlik bo‘lib qoladi», — deb yozdi Sehili.
U 2 sentyabr kuni Instagramdagi storisida Xitoy-Rossiya chegarasida Rossiya bojxonachilari tomonidan to‘xtatilganini ma’lum qilgan.
Sehili bilan keyin nimalar bo‘lganini uning yozganidan bilish qiyin.
Le Monde xabariga ko‘ra, Fransiya konsulligi velosayohatchiga yordam berishga harakat qilmoqda. Rossiya hukumati esa Sehilining hibsga olingani haqidagi xabarlarga hozircha izoh bermadi.