Bugun, 4 sentyabr kuni Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Ualid Fuk tashqi ishlar vaziriga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi.
Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Xabarda Saidov O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi mustahkam tarixiy zamin va boy an’analarga ega munosabatlar so‘nggi yillarda yuqori sur’atlar bilan rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
«Bugungi kunda hamkorlik iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, mavjud salohiyat yanada keng bo‘lib, uni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun diplomatlarimizning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi», deb yozgan Baxtiyor Saidov.
Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Ualid Fukning O‘zbekistondagi faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar va samarali mehnat tilagan.