Davlatimiz rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, “anomal issiq” va “anomal sovuq” degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga e’tibor qaratdi.
Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakatimiz uchun o‘ta muhimligi, kerak bo‘lsa, bu – iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois soha mas’ullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
O‘tgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.
Shu bilan birga, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportining sur’ati bo‘yicha qolgan hududlardan ortda qolayapti. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham chiqa olmadi.
Ushbu hududlar va ularga Hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarini faollashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.