O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni keskin oshgan. 2025 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, jami 62 mln 351 mingta bank kartasi muomalaga chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 mlnga ko‘p.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 1 aprelda mamlakat bo‘yicha 48 mln 373 mingdan ortiq karta muomalada bo‘lgan. Kartalar sonidagi katta o‘sish aholining raqamli to‘lovlarga bo‘lgan talabining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, to‘lov terminallari sonida kamayish kuzatilmoqda. 2024 yil aprelida ularning soni 430 ming 66 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu ko‘rsatkich 424 ming 143 taga tushgan. Bu 6 mingdan ortiq terminal kamayganini anglatadi.
Bunga qarshi ravishda bankomat va infokiosklar soni ortib bormoqda. 2024 yil aprelida ular 26 ming 986 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 33 ming 650 taga yetgan. Ya’ni bir yil ichida 6 ming 600 tadan ortiq yangi qurilma o‘rnatilgan.
Markaziy bank ushbu o‘zgarishlarni aholining naqd pulsiz hisob-kitoblarga bo‘lgan qiziqishi hamda infratuzilma rivoji bilan izohlamoqda.