2025 yilda Taxtiqoracha dovoni orqali 7 kmlik pullik tonnel qurish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov 11 iyul kuni deputat savoliga javob bera turib ma’lum qildi.
Prezidentning Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga tashrifi davomida Taxtiqoracha pulli tonnel qurish vazifasi Transport vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Ushbu loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi va uning umumiy qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda.
Hozirda uchta xususiy kompaniya geodeziya va geologiya ishlarini yakunlab, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlamoqda. Avgust oyida ushbu kompaniyalardan eng munosibi tanlab olinadi va ular bilan shartnoma imzolanadi. Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, tanlovda O‘zbekiston manfaatlari inobatga olinadi.
Avgust oyida tender natijalari e’lon qilinib, g‘olib kompaniya bilan kelishuv tuziladi. Shundan so‘ng qurilish ishlari boshlanishi ko‘zda tutilgan. Tonnel qurilishidagi asosiy murakkabliklar geologik sharoit va tog‘lik hududda ish olib borish bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil avgustda prezident davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ma’qullagan edi. Mazkur dasturga ko‘ra, 2026 yil dekabrigacha loyiha bo‘yicha to‘liq shartnoma imzolanishi belgilangan.