«O‘zsuvta’minot» AJ ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1yarim yilligi yakuniga ko‘ra aholi va yuridik shaxslar tomonidan ichimlik hamda oqova suv xizmatlari uchun umumiy debitor qarzdorlik 794 mlrd so‘mni tashkil etdi. Buning 73 foizi aholiga, 27 foizi esa yuridik iste’molchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qarzdorlik miqdori yil boshiga nisbatan 115 mlrd so‘mga yoki 13 foizga kamaytirilgan.
2025 yilda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 81,5 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, 544 km ichimlik va 148 km oqova suv tarmoqlari qurildi, 35 ta ichimlik va 7 ta oqova suv inshootlari foydalanishga topshirildi. Quyosh energiyasiga asoslangan 7,4 ming kVt/soat quvvatga ega uskunalar o‘rnatilib, 6,1 ming kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
Ish samaradorligini oshirish maqsadida 208 ta tuman va shaharda avariya-tiklash guruhlari tashkil etilib, tegishli texnika va uskunalar bilan jihozlandi. Shuningdek, 1 607 km tarmoq ta’mirlandi va 4 935 ta nosozlik bartaraf etildi.
Joriy yilda umumiy qiymati 2,1 mlrd dollarlik 21 ta investisiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ularning 453,5 mln dollari xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Sifatni ta’minlash maqsadida 141 mingta suv namunasi tahlil qilindi. Sohada ISO 37001:2016 standartiga muvofiq korrupsiyaga qarshi tizim joriy etildi. 822 nafar xodim malaka oshirdi, shundan 38 nafari xorijda.