Deputatlari ma’qullagan hujjatda to‘lovli yo‘llar tarmog‘ini yaratish, jamoat fikri va atrof-muhit ta’sirini inobatga olgan holda rejalashtirish kabi asosiy yondashuvlar belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Qonunchilik palatasi deputatlari «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Loyiha avtomobil yo‘llarini rejalashtirish mexanizmini joriy etishni nazarda tutadi.
Hujjatga ko‘ra, yangi yo‘llar qurilishi aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda amalga oshirilishi, yo‘llar loyihasini tayyorlashda jamoatchilik fikri va ekologik ta’sir baholanishi majburiy bo‘ladi. Shu bilan birga, piyodalar uchun qulay muhit yaratish talablari ham belgilab berilgan.
Qonun loyihasida alohida e’tibor yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, pulli avtomobil yo‘llarini yaratishga qaratiladi. Bunday yo‘llar uchun investorlarga imtiyozlar berilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu orqali xususiy kapitalni yo‘lsozlik sohasiga jalb etish maqsad qilingan.
Hujjatda yirik gabaritli va og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari harakatini tartibga solish, shuningdek, yo‘l yoqalarida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha talablar ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, aloqa tarmoqlari qurilishida yo‘llarni ilgarigi holatiga keltirish xarajatlarini qoplash majburiyatini yuklash ham nazarda tutilmoqda. Yangi qonun yo‘lsozlikni tizimli asosda yuritish va xavfsiz, qulay infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan.