Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning ehtimoliy harbiy hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda va urush holatidagi harakatlar bo‘yicha yangi reja ustida ishlamoqda. Bu reja 2005 yildan beri ilk bor qayta ko‘rib chiqilmoqda, deb yozmoqda The Telegraph.
Ma’lum qilinishicha, hujjat “Milliy mudofaa rejasi” deb nomlanadi va mojaro boshlangan dastlabki kunlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar tartibini belgilaydi.
Xususan, hujjatda hukumat urush e’lon qilinsa qanday choralar ko‘rishi, mamlakatni harbiy holatda qanday boshqarishi kerakligi bayon etilgan. Shuningdek, vazirlar mahkamasi a’zolari va qirollik oilasini himoya qilish uchun mo‘ljallangan bunkerlar, temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasi, fuqarolik flotlari, pochta va telefon tarmoqlaridan foydalanish tartibi ko‘zda tutilgan.
Rejada ommaviy axborot vositalari faoliyatini tashkil etish va zarur resurslarni jamg‘arish masalalari ham aks ettirilgan.
Bundan tashqari, hujjatda mojarolarning bir nechta boshlanish ssenariylari keltirilgan. Jumladan, Buyuk Britaniyaga oddiy yoki yadroviy raketalar orqali hujum bo‘lishi hamda 2005 yilda dolzarb bo‘lmagan, ammo bu safar batafsil yoritilgan kiberurush ssenariysi ham mavjud.