5 may, dushanba kuni Berlindagi Bendlerblok harbiy majmuasi hovlisida Germaniya kansleri Olaf Sholsni iste’foga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. An’anaviy «Buyuk oqshom shon-shuhrati» (Der Große Zapfenstreich) xayrlashish marosimida so‘zlagan Shols hamjihatlikka, demokratik qadriyatlarni asrab-avaylashga chaqirdi.
Olaf Sholsning ta’kidlashicha, hokimiyatning «madaniy, kollegial va obro‘li» o‘tkazilishi, xuddi Germaniyada kuzatilayotgani kabi, «aslida oddiy narsa emas». Shuning uchun ham «demokratlar o‘rtasidagi sivilizasiyalashgan muloqot»ni himoya qilish juda muhim, chunki bu «qimmatli», deb ta’kidladi lavozimini tark etayotgan kansler. «Demokratik davlatda mansablar har doim ma’lum muddatga beriladi. Bizni butun dunyodagi avtokratiyalardan ajratib turadigan narsa shu», — deydi Shols.
Shols kansler lavozimini egallashga tayyorlanayotgan Fridrix Mersga «muvaffaqiyatlar, omad va yengillik» tiladi. O‘z nutqini yakunlar ekan, Shols shunday ta’kidladi: «Germaniya federal kansleri sifatida xizmat qilish men uchun sharaf bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi».
Bendlerblokdagi marosimda 300 ga yaqin askar va ofiser ishtirok etdi. Mehmonlar orasida federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer va bo‘lajak kansler Fridrix Mers ham bor edi.