Ukraina havo hujumidan mudofaa qilishga mo‘ljallangan Patriot va NASAMS tizimlari uchun raketalar yetkazib berilishiga zarur bo‘lgan AQSh mudofaa vaziri Pit Xegsetning imzosini qariyb bir oydan beri kutmoqda.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy selektor yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mudofaa vaziri, Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni va Tashqi ishlar vaziri havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun, birinchi navbatda, Patriot majmualariga mo‘ljallangan raketa-tutqichlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat haqida axborot bergan.
«Biz bir nechta yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz: AQSH, Yevropa va PAC-2 hamda PAC-3 raketalari zaxirasiga ega bo‘lgan boshqa hamkorlar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Xususan, Patriot va NASAMS tizimlari uchun raketalar yetkazib berish bo‘yicha janob Xegsetning imzosini qariyb bir oydan beri kutmoqdamiz. Amerika tomoni bilan bu masalani yana bir bor muhokama qilishni topshirdim. Boshqa davlatlar bilan ham muzokaralar davom etmoqda», — deb yozgan Zelenskiy.
Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, noyabr oyida Ukrainaga mudofaa sohasida yordam ko‘rsatish bo‘yicha «Ramshtayn» formatida o‘tkaziladigan Kontakt guruhi uchrashuviga tayyorgarlik masalalarini ham muhokama qilgan.
Zelenskiy Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorlarni amalga oshirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, har bir yordam paketi insonlar hayotini himoya qilish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, 20 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati hamkor davlatlardan Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa majmualari uchun mo‘ljallangan zenit raketa-tutqichlarini berish masalasini hali ko‘rib chiqmagani haqida xabar berilgan edi.