Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan kuchli tortishuv sodir bo‘lganidan so‘ng Oq uyni muddatidan oldin tark etmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Trampning Truth Social tarmog‘idagi bayonoti ham buni tasdiqlaydi. "Bugun Oq uyda g‘oyat muhim uchrashuv o‘tkazdik. Biz bunday sharoit va bosim ostidagi suhbatsiz tushunib bo‘lmaydigan ko‘p narsalarni anglab yetdik. Hayratlanarlisi shundaki, his-tuyg‘ular orqali qanday narsalar yuzaga chiqadi, va men shunday xulosaga keldimki, prezident Zelenskiy, agar Amerika ishtirok etsa, tinchlikka tayyor emas, chunki u bizning ishtirokimiz unga muzokaralarda katta ustunlik beradi deb hisoblaydi. Men ustunlikni emas, TINCHLIKni xohlayman. U muqaddas Oval kabinetida Amerika Qo‘shma Shtatlariga hurmatsizlik ko‘rsatdi. U tinchlikka tayyor bo‘lganda qaytishi mumkin," deya ta’kidlangan Trampning xabarida.
Shuningdek, Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng o‘tkazilishi mo‘ljallangan qo‘shma matbuot anjumani ham bekor qilindi. Tashrif chog‘ida imzolanishi rejalashtirilgan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvning taqdiri hozircha noma’lum qolmoqda.
Fox News xabar berishicha, Oq uydagi ommaviy tortishuvdan keyin Tramp Zelenskiydan ketishini so‘ragan. Fox News telekanali ma’lum qilishicha, "AQSh va Ukraina o‘rtasida kamyob yer elementlari bo‘yicha bitim imzolanishi bekor qilindi".