Qonunbuzar davlat Bybit xakerlik hujumida qo‘lga kiritilgan kriptovalyuta mablag‘lari bilan o‘z harbiy kuchlarini moliyalashtirishi mumkin.
The Telegraph nashrining yozishicha, Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Shimoliy Koreya xakerlari tarixdagi eng yirik o‘g‘irlikda 1,5 milliard dollar (1,2 milliard funt sterling) miqdoridagi kriptovalyutani o‘g‘irladi.
Xavfsizlik tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan agentlari Dubayda joylashgan Bybit birjasi tizimlariga kirib, Ether raqamli tangasini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘ldi.
Kriptovalyuta tahlilchilari Chainalysis ma’lumotlariga ko‘ra, xakerlar bir hujumda 2024 yilda Shimoliy Koreya kiberjinoyatchilari tomonidan o‘g‘irlangan barcha mablag‘lardan ko‘proq kriptovalyutani qo‘lga kiritdi. O‘sha yili qonunbuzar davlatning kiber hujumchilari taxminan 1,3 milliard dollarlik raqamli tangalarni o‘g‘irlagan edi.
Shimoliy Koreyaning rahbari Kim Chen In kommunistik diktaturaning inqirozga uchragan iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun kompyuter xakerlarining sara guruhlariga murojaat qilganida bu rekord natija qayd etildi.
Chainalysis'ning ta’kidlashicha, ushbu hujum mamlakat xakerlari qo‘llayotgan ilg‘or taktikalarning "yorqin eslatmasi" bo‘lib xizmat qildi. Texnik ko‘nikmalardan tashqari, Shimoliy Koreya xakerlari "ijtimoiy muhandislik" deb ataluvchi sohada ham mohir: ular o‘g‘irlikka yo‘l ochish uchun odamlarni manipulyasiya qilib, o‘zlari xohlagan ishni qildira olishadi.
Bu jarayon maqsadli shaxslar bilan elektron pochta va raqamli chatlar orqali, ba’zan oylab munosabat o‘rnatishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Kiberxavfsizlik mutaxassislarining fikricha, so‘nggi hujumning tashkilotchisi Shimoliy Koreyaning mashhur Lazarus guruhi hisoblanadi. Ushbu guruh o‘n yildan ortiq vaqt davomida G‘arb biznesini bir qator kiberhujumlar bilan qo‘rqitib, milliardlab dollar zarar yetkazib kelmoqda.
Kriptovalyutalarni tahlil qiluvchi Elliptic kompaniyasi ta’kidlashicha, mazkur xakerlar guruhi "mavjud kriptoaktivlarni yuvish bo‘yicha eng murakkab va yaxshi ta’minlangan tashkilot" hisoblanadi.
Taxminlarga ko‘ra, bu guruh Shimoliy Koreya razvedka xizmati - Bosh razvedka byurosi tarkibiga kiradi.