Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Oq uy rahbari Donald Tramp bilan o‘rtasida shaxsiy adovat yo‘qligini, Vashington bilan munosabatlardagi keskinlik esa shaxsiy masalalar bilan bog‘liq emasligini bildirdi.
Ukraina rahbari bu haqda Kiyevda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«AQSh bilan munosabatlardagi keskinlik Tramp bilan shaxsiy munosabatlarimga bog‘liq emas. Gap Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish haqida ketmoqda. Bu esa Rossiya prezidenti Vladimir Putinni yanada kuchaytirishi mumkin. Putinga bo‘lgan munosabatim mutlaqo aniq. Agar biz sanksiyalarni bekor qilsak, uni yanada kuchaytirgan bo‘lamiz, deb hisoblayman. Bu men bilan prezident Tramp o‘rtasidagi shaxsiy masala emas. Albatta, sanksiyalarni har qanday shaklda bekor qilishga qarshiman», — dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti, shuningdek, ertaga AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffdan uning Rossiyada o‘tkazgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha tafsilotlarni olishni kutayotganini ma’lum qildi.
«Ertaga Uitkoff bilan birgalikda brifing o‘tkaziladi. O‘ylaymanki, bizning jamoalarimiz AQSh va Yevropa hamkorlari bilan samarali maslahatlashuvlar o‘tkazadi», — deya qo‘shimcha qildi u.