UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan to‘rt yil o‘tib, mamlakatdagi bolalarning uchdan bir qismi, ya’ni 2 589 900 nafari hamon o‘z yashash joyidan boshqa hududlarda qolmoqda.
Tashkilot 791 mingdan ortiq bola mamlakat ichida, taxminan 1,8 million nafari esa chet elda muhojir sifatida yashayotganini bildirdi.
UNICEF so‘rovnomasi natijalariga muvofiq, ko‘chib ketgan 15–19 yoshdagi har uchinchi bola kamida ikki marta yashash joyini o‘zgartirgan, har to‘rtinchi o‘smir esa Ukrainada yaxshi kelajak qura olishiga ishonmaydi.
Shuningdek, UNICEF ukrainalik bolalarning ruhiy holati yomonlashayotganini qayd etmoqda. Doimiy hujumlardan qo‘rquv, uzoq muddat boshpanalarda yashash va uyda, ijtimoiy aloqalardan cheklangan holda izolyasiyada bo‘lish o‘smirlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.