G‘arb davlatlari yangi harbiy doktrina ishlab chiqishi zarur. Chunki zamonaviy qurol-yarog‘larni sotib olish va taktikani o‘zgartirishning o‘zi xavfsizlikni kafolatlamaydi.
Bu haqda Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasining Qo‘shma qo‘mondonlik va shtab kollejidagi chiqishidan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozgan.
Uning baholashicha, G‘arbning xavfsizlik tizimi hamon Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy doktrinaga asoslangan bo‘lib, u qimmatbaho yuqori aniqlikdagi qurollar bilan to‘ldirilgan. Biroq 2026 yildagi urush voqeligini hisobga olgan holda ushbu tizimni qayta ko‘rib chiqish zarur.
«Shunchaki yangi qurol sotib olishning o‘zi yetarli emas. Hatto o‘sha dronlarga moslashish uchun taktikani o‘zgartirish ham kifoya qilmaydi. G‘arb o‘zini himoya qilish uchun yangi doktrinaga muhtoj», — deb ta’kidladi Zalujniy.
Uning tushuntirishicha, yangi doktrina qurol-yarog‘, taktika, qurolli kuchlar tuzilmasi, harbiy tayyorgarlik va moliyalashtirishni yagona tizimga birlashtirishi kerak.
«Bu yangi texnologiyalarning ta’sirini baholash, o‘zgarishlarga moslashish va birgalikdagi harakatlarni rejalashtirish imkonini beradi», — dedi u.
Elchining qo‘shimcha qilishicha, G‘arb davlatlarida yangi xavfsizlik tizimini yaratish uchun zarur bo‘lgan murakkab va qimmatbaho texnologiyalar mavjud.