Ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida 2 nafar haydovchi o‘rtasidagi ziddiyat aks etgan video tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan o‘rganish olib borildi va quyidagilar aniqlandi.
Joriy yilning 14 iyun kuni taxminan soat 11.00 larda Yunusobod tumani Rixsiliy ko‘chasida Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi 1981 yilda tug‘ilgan, B.X hamda Cobalt rusumli avtomashina haydovchisi 1996 yilda tug‘ilgan SH.O lar yo‘l talashish oqibatida o‘zaro tortishib qolgan. Shundan so‘ng B.X yo‘lning qatnov qismida avtomashinasini to‘xtatib, qo‘lidagi jism bilan Cobalt avtomashinasini chap tomon eshik oynasiga urib, voqea joyidan ketib qolgan. Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro B.X ga nisbatan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.