Navoiy viloyatida yo‘l-patrul xizmati xodimi qoidabuzar haydovchidan pora olmagani sabab mukofotlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 7 aprel kuni YPX xodimlari Karmana tumanida Samarqand-Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini to‘xtatgan. Tekshiruv natijasida haydovchi mast holda mashina boshqarib kelayotgani aniqlangan.
Tong otishi bilan haydovchi xodimlarning yoniga otasini boshlab kelgan. Ota qoidabuzarlik uchun hujjatlarni sudga taqdim etmaslik va mashinani jarima maydonidan chiqarib berish evaziga ming dollar pora taklif qilgan. Xodim holat yuzasidan ichki ishlarga xabar bergan. Keyin tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro inspektorga ming dollar pora berishga urinayotgan paytda qo‘lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ketayotgani bildirildi.
Kapitan Sherbek Turxonov pora olmagani uchun davlat tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida (12 million 360 ming so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlangan.