O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qirg‘izistonga eksport qilingan yirik hajmdagi tarvuz partiyasining qaytarib yuborilishiga oid xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida qo‘shni davlatning fitosanitariya idorasi hamda mahsulot egasi bo‘lgan tadbirkor bilan zudlik bilan aloqa o‘rnatilgan.
«EPhyto.uz» raqamli axborot tizimi malumotlariga ko‘ra, eksportga yo‘naltirilgan mazkur poliz mahsulotlari Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida yetishtirilgan bo‘lib, jami 950 ta maxsus qutiga joylashtirilgan bo‘lgan.
Tekshiruvlar davomida fitosanitar hujjatlarda mahsulotlar tegishli tartibda tamg‘alangani (markirovka qilingani) qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda qadoqlash va markirovkalash qoidalariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat to‘liq nazoratga olingan va chegara-o‘tkazish punktlarida karantindagi mahsulotlar inspeksiyasi yanada kuchaytirilgan.
“Shu bilan birga, Qirg‘iziston fitosanitariya xizmati bilan o‘tkazilgan muloqot davomida OAVda tarqalgan boshqa mahsulotlar bo‘yicha ham izoh so‘raldi. Qo‘shni davlat vakillari tarqalgan boshqa iddaolarni tasdiqlamadi. Xususan, piyoz va pista eksporti bilan bog‘liq cheklovlar haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aytildi”, deyiladi idora bayonotida.