U Internet orqali o‘limga olib keluvchi kimyoviy modda sotgan.
Reuters agentligining yozishicha, 60 yoshli Kennet Lou Ontario Oliy sudida 16 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan 14 nafar kanadalikning o‘z joniga qasd qilishiga ko‘maklashganlikda aybini tan oldi. Shundan so‘ng prokuratura unga qo‘yilgan 14 ta birinchi darajali qotillik ayblovini olib tashlashni so‘radi. Apellyasiya sudining avvalgi presedenti tufayli bu holatda qotillik moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atish qonunan imkonsiz bo‘lib chiqdi.
Kennet Lou to‘rtta kompaniya orqali go‘shtni konservasiya qilishda ishlatiladigan, ammo katta miqdorda o‘limga olib keluvchi natriy nitriti tuzini va o‘z joniga qasd qilish uchun boshqa anjomlarni sotgan. 2021 yildan 2023 yilgacha u 41 ta davlatga, jumladan, Buyuk Britaniyaga 330 ta, AQShga 431 ta va Kanadaga 157 ta jo‘natma yuborgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u sotgan mahsulotlar oqibatida Buyuk Britaniyada ham 79 kishi vafot etgan, biroq hukumat uni mamlakatga olib kelib sudlashdan voz kechgan.
Bu faoliyatidan Lou 296 000 kanad dollaridan (215 000 AQSh dollari) ortiq daromad ko‘rgan. U o‘z xatida insonlarning azobini yengillashtirmoqchi bo‘lganini da’vo qilgan. Lou 2023 yil may oyidan beri hibsda saqlanmoqda, unga nisbatan yakuniy hukm shu yilning sentyabr oyida e’lon qilinadi. Kanada qonunchiligiga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishga ko‘maklashish moddasi bilan 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan, deyiladi agentlik xabarida.