Bugun 6 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Yodda tuting! Ro‘za tutish harom bo‘lgan kunlar

Yodda tuting! Ro‘za tutish harom bo‘lgan kunlar

Ro‘za tutish harom bo‘lgan kunlar quyidagilardir:

1. Iydul-fitr kuni, Iydul-azho kuni va undan keyingi uch kun. Bu kunlarda ro‘za tutish haromdir, chunki bu kunlar xursandchilik kunlaridir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki kunning Azho va Fitr kunining ro‘zasidan qaytardilar .

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.

Nubaysha Huzamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Tashriq kunlari yeb-ichish va Allohning zikri kunlaridir , dedilar .

Ahmad va Muslim rivoyat qilishgan.

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Arafa kuni, qurbonlik kuni va tashriq kunlari bizning ahli Islomning bayramimizdir. Bu kunlar yeb-ichish kunlaridir , dedilar .

Sunan egalari rivoyat qilishgan.

2. Shak kuni, ya’ni Ramazon kirishidan oldingi kunda ro‘za tutish.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Hech biringiz Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmasin. Lekin bir kishining odatdagi ro‘zasi bo‘lsa, o‘shani tutsin , dedilar .

Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja rivoyat qilishgan.

3. Ro‘za tutsa halok bo‘lishini bilaturib ro‘za tutgan odamning ro‘zasi. Chunki Alloh taolo:

...(O‘zingizni) o‘z qo‘lingiz bilan halokatga tashlamang... , degan (Baqara surasi, 195-oyat).

4. Ayollarning hayz va nifos ko‘rgan kunlari. Bu kunlarda ro‘za tutish mumkin emas.

Ro‘za tutish makruh bo‘lgan kunlar

Quyidagi kunlarda ro‘za tutish makruhdir:

1. Ayol kishining erining iznisiz yoki roziligini bilmay turib nafl ro‘za tutishi (agar er yaqinlikka ojizlik qiladigan darajada bemor bo‘lsa, yoki ro‘zador bo‘lsa yoxud haj yo umraga ehrom bog‘lagan bo‘lsa, makruh emas).

2. Ashuro kunining yolg‘iz o‘zida ro‘za tutish.

3. Juma kunini xoslab ro‘za tutish.

4. Shanba kunini ulug‘lab ro‘za tutish.

5. Yakshanba kunini ulug‘lab ro‘za tutish.

6. Navro‘z kuni ro‘za tutish.

7. Mehrjon kuni ro‘za tutish.

8. Uzluksiz har kuni ro‘za tutish.

9. Gapirmasdan ro‘za tutish.

10. Ulab (saharlik qilmay) ro‘za tutish.

11. Musofirning qiynalib ro‘za tutishi.

Ixtiyoriy ro‘za

Hanafiy mazhabida ixtiyoriy ro‘za uchga: sunnat, mandub va naflga bo‘linadi.

Sunnat ro‘za Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimiy tutib yurgan ixtiyoriy ro‘zalardir.

Mandub yoki mustahab ro‘zalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy tutmagan ixtiyoriy ro‘zalar bo‘lib, ular quyidagilardir:

1. Bir kun tutib, bir kun ochib yurish.

2. Har oyda uch kun ro‘za tutish.

3. Haftaning dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish.

4. Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish.

5. Arafa kuni ro‘za tutish.

6. Arafadan oldingi sakkiz kunda ro‘za tutish.

7. Sha’bon oyida ro‘za tutish.

Nafl ro‘zalar mazkurlardan boshqa ro‘zalar bo‘lib, ularni tutish ham dinimizda targ‘ib qilingan.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 10:46 08.05.2019. O'qildi: 105648 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!