Bugun 21 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Yaponiya Rossiyada jurnalistining josuslikda ayblanishini rad etdi

Yaponiya Rossiyada jurnalistining josuslikda ayblanishini rad etdi

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti Rossiyada josuslik faoliyati olib borilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Bu bayonot Saxalinda yapon jurnalisti Imai Yuki hibsga olinganidan keyin yangradi.

The Japan Times nashrining xabar berishicha, «Xokkaydo Simbun» gazetasi muxbiri Imai Yuki 13 oktyabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) tomonidan Yujno-Saxalinsk shahrida qo‘lga olingan. Rossiya maxsus xizmati uni razvedka ma’lumotlarini to‘plashda gumon qilmoqda.

«Bunday holat bo‘lmagan. Hozir yapon fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash juda muhim va biz barcha sa’y-harakatlarimizni shu maqsadga yo‘naltiramiz», — dedi Takaiti.

Uning ta’kidlashicha, Tokio jurnalistga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar haqida hozircha to‘liq ma’lumotga ega emas, biroq o‘z pozisiyasini qat’iy himoya qilish niyatida.

Yaponiya hukumati matbuot kotibi Minoru Kixaraning ma’lum qilishicha, yapon diplomatlari hozirgacha hibsga olingan jurnalist bilan bog‘lana olmagan. Hukumat u bilan imkoni boricha tezroq uchrashuv tashkil etish ustida ishlamoqda. Hodisadan so‘ng Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Tokiodagi elchisi Nikolay Nozdrevni chaqirtirgan.

FSB ma’lumotlariga ko‘ra, Imai Yuki Yaponiya razvedkasining topshirig‘i bilan Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etayotgan Kuril orollari aholisi orasidan safarbar qilinganlar va ko‘ngillilar soni haqida ma’lumot to‘plaganlikda gumon qilinmoqda.

Biroq Rossiya maxsus xizmatining ushbu ayblovlari mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Jurnalist o‘z materiallarida Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasidagi hayot, Rossiya–Yaponiya munosabatlari va Moskva hamda Pxenyan o‘rtasidagi hamkorlikni yoritib kelgan.

Kiritildi: 08:15 16.10.2026. O'qildi: 706 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!