Bugun 26 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

"Yangi O‘zbekiston" bog‘ida sudyalar o‘rtasida ilk marotaba marafon bo‘lib o‘tdi

"Yangi O‘zbekiston" bog‘ida sudyalar o‘rtasida ilk marotaba marafon bo‘lib o‘tdi

Bugun “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida sudyalar hamjamiyati vakillari o‘rtasida “Adolat sari” shiori ostida ilk marotaba tashkil etilgan ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi.

1 000 nafarga yaqin ishtirokchini o‘zida jamlagan bu musobaqada Oliy sud, Konstitusiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati sudlari sudyalari, xodimlari, ularning oila a’zolari hamda Sudyalar assosiasiyasi va “Adolat” sosial - demokratik partiyasi a’zolari o‘zaro bellashdilar.

ProRun tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu sport tadbiri Davlatimiz rahbarining jismoniy va ruhiy salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni belgilab bergan 2025 yil 19 iyundagi “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Sport bilan muntazam shug‘ullanish, jismoniy mashqlar bajarish, harakatli turmush tarzini olib borish — bularning barchasi ish unumdorligini oshirishga, kasallanishlar sonini kamaytirishga va umuman hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yugurish marafonining ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugungi kunda sudya va sud xodimlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularni ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish hamda dam olishlari va sog‘lig‘ini tiklashlari uchun barcha imkoniyatlar safarbar qilinmoqda. Jamoalar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda ommaviy sport turlariga qiziqishni ko‘chaytirish bo‘yicha ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Aynan shunday amaliy choralarning uzviy davomi bo‘lgan bugungi sport bayrami ishtirokchilari 1 va 3 kilometrlik masofalarga yugurish bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Marra chizig‘i sari dadil intilgan ishtirokchilarni hissiy yordam maskanlari navbatma navbat kutib oldi. Karnay-surnaychilar va barabanchilar marafonchilarni ko‘tarinki kayfiyatda olqishlab, qo‘llab-quvvatladilar. Taniqli xonandalarning maroqli kuy va qo‘shiqlari musobaqaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Chinakam bellashuvga aylangan yugurish bahslarida tantanali marra chizig‘ini zab etgan, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga medal va sovg‘alar topshirildi. Marafon tom ma’noda sudyalar hamjamiyati va sud xodimlarining sport va adolat qadriyatlari atrofidagi birdamligi va hamjihatligi ramziga aylandi.

Kiritildi: 18:15 25.10.2025. O'qildi: 489 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!