Yamaykada “Melissa” to‘foni sababli “ofat zonasi”ga aylangani e’lon qilindi, mamlakatda timsohlar hujumi xavfi ham mavjud, deb yozmoqda DW.
Yamaykaga mamlakat tarixidagi eng kuchli dovul “Melissa” yopirilib keldi. Soatiga 295 km tezlikdagi shamol uylarning tomlarini uchirib ketdi, daraxtlar va elektr uzatish tarmoqlarini qulatdi, shuningdek, ko‘chki va toshqinlarni keltirib chiqardi.
Orol rasman falokat zonasi deb e’lon qilindi, zararni baholash va tiklash ishlari boshlandi.
530 ming xonadon elektr ta’minotisiz qoldi. Sohillarda timsohlarning suv bosgan yashash joylaridan chiqish holatlari qayd etilgan, hukumat timsohlar hujumi xavfi haqida ogohlantirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan.
Endi “Melissa” Kuba tomon yaqinlashmoqda, bu yerda oldindan 735 ming kishi evakuasiya qilingan. Dovulning keyingi yo‘nalishida Bagama orollari bo‘lishi kutilmoqda.
Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, "Melissa" Yamaykaga XXI asrda yopirilgan eng halokatli dovul bo‘ldi. Mutaxassislar tabiiy ofatning g‘ayrioddiy kuchini Karib dengizi suvi haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘lamoqda.