Lamin Yamalning manfaatlarini himoya qiluvchi agentlik "Barselona"dan uni jamoaning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylantirishni talab qilmoqda, deb xabar beradi Viktor Navarro.
Ularning fikriga ko‘ra, 17 yoshli vinger hujumda eng yaxshisidir, u ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, futbolchi klubga eng katta tijorat foydani keltiradi.
O‘z navbatida kataloniyaliklar Yamalning qanchalik ahamiyatli ekanlini tan olishadi, lekin klub Levandovski va de Yongning shartnomalari vaqtida qilingan xatolarni takrorlamoqchi emas. Hozirda "Barselona"da yangicha muvozanatli va barqaror maosh tizimi o‘rnatilmoqda.
Yamal kelasi mavsumdan boshlab 10-raqamli libosni kiyadi. Memorabilia1899 portali xabar berishicha, ushbu raqamni egallab turgan Fatining qolish-qolmasligidan qat’i nazar shunday bo‘ladi.
Afsonaviy Lionel Messi o‘ynagan 10-raqamni topshirish marosimi 13 iyul kuni — Yamal 18 yoshga to‘lganda bo‘lib o‘tadi. Shu kuni futbolchi "Barsa" bilan yangi shartnoma imzolaydi, uning tovon puli 1 mlrd yevro etib belgilanadi.