Avstraliyaning Viktoriya shtati polisiyasi o‘z veb-saytidagi press-relizda Melburn sharqidagi sinagoga (yahudiy ibodatxonasi)ga o‘t qo‘yganlikda gumon qilingan bir odamni hibsga olgani va ayblov e’lon qilganini ma’lum qildi.
Yakshanba kuni e’lon qilingan xabarga ko‘ra, o‘t qo‘yish hodisasi juma kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Aytilishicha, 34 yoshli erkak ibodatxonaga kirib, old eshikka tez yonuvchi suyuqlik quyib, uni yoqib yuborgan va qochib ketgan. Qayd etilishicha, o‘t qo‘yish vaqtida binoda 20 kishi bo‘lgan, biroq ular sog‘-omon qochishga muvaffaq bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishgan, yong‘in eshikdan tashqariga tarqalmagan.
"34 yoshli erkak shanba kuni kechqurun Melburnda hibsga olindi. U tergovchilar tomonidan so‘roq qilindi va o‘t qo‘yish orqali zarar yetkazish va qurol saqlashda ayblandi", deyiladi polisiya saytidagi press-relizda.
Aytilishicha, erkak yakshanba kuni sudga keladi, polisiya gumonlanuvchining harakatlari sabablarini hali aniqlamagan. So‘nggi oylarda Avstraliya rasmiylari yahudiy jamiyati vakillariga hujumlar ko‘payganini qayd etdi. Antisemitistik hujumlar seriyasining eng shov-shuvli holatlaridan biri 2024 yil 6 dekabrda Melburn janubi-sharqidagi Hadass Isroil ibodatxonasiga o‘t qo‘yish bo‘ldi. Natijada qurbonlar yo‘q, ammo bino jiddiy zarar ko‘rdi. Bir necha kundan keyin polisiya o‘t qo‘yishni terrorchilik harakati deb baholadi.