«Valday» xalqaro muhokama klubining bu yilgi yig‘inida Rossiya-Ukraina urushi va yadroviy qurol mavzusi jahon OAV e’tiborida bo‘ldi. Biroq forumdagi muhokamalar faqat xavfsizlik va harbiy masalalar bilan cheklanmadi.
Jahon medialari forumda Vladimir Putinning yadroviy qurol haqidagi bayonotlariga urg‘u berib, «Putin Yevropaga yadroviy tahdidni takrorladi», «Rossiya butun arsenalidan foydalanishi mumkin» kabi sarlavhalarni tarqatdi.
Forum ishtirokchilari esa sun’iy intellekt va raqamli totalitarizm xavfi, BMTni isloh qilish zarurati, G‘arbsiz iqtisodiy rivojlanish, Xitoy avtomobillari hamda Rossiya, Xitoy va AQSh o‘rtasida ehtimoliy muloqot formatlari kabi masalalarni ham muhokama qildi.
Xitoy va globallashuv bo‘yicha ekspert Van Xueyyao davlat qudratini faqat harbiy salohiyat bilan emas, aholining turmush darajasi va qashshoqlikni kamaytirish natijalari bilan ham baholash kerakligini ta’kidladi.
«Valday» forumida 40 ga yaqin davlatdan ekspertlar ishtirok etgan. Ular orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya vakillari ham bor.
Forumning ayrim yopiq muhokamalari Chatham House qoidalari asosida o‘tkazilgan. Bu format ishtirokchilarga o‘z fikrlarini ochiq bildirish imkonini beradi, ammo ularning shaxsi ommaviy axborot vositalarida oshkor qilinmaydi.
Forumdagi asosiy savollardan biri — turli manfaatlarga ega bo‘lgan davlatlar raqobat sharoitida global muammolarni hal qilish uchun qanday muloqot mexanizmlarini yaratishi mumkinligi bo‘ldi.
Muhokamalar qanday natija berishi va davlatlar o‘rtasida kelishuvga erishish imkoni bor-yo‘qligi esa vaqt ko‘rsatadi.