Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi, Zomin tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Jizzax shahari va Zomin tumanida savdo do‘konlarida tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar B.K. va J.O‘. xaridorlarga xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo do‘konlaridan umumiy bahosi 59,1 mln so‘mlik jami 2 366 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Shayxontohur tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar SH.N. va SH.S. xaridorga 2 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini 100 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, umumiy bahosi 27,7 mln so‘mlik jami 1089 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Uzun tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, “S.D.” xususiy korxonasiga qarashli savdo do‘konidan 26 turdagi jami 429 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186˗1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.