Men Putinning tarafdori emasman, lekin Rossiya bilan muloqot qilish zarur, deya fikr bildirdi AQSh Davlat kotibi
Marko Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bilan muloqotni saqlab qolish muhim, chunki u yirik yadroviy arsenalga ega va dunyoning ko‘plab mintaqalarida faol harakat qilayotgan mamlakat hisoblanadi.
"Hatto “Sovuq urush”ning eng og‘ir davrlarida ham AQSh va Sovet Ittifoqi o‘zaro aloqani saqlab turgan. Agar biz masalaga aqlli insonlar kabi yondashsak, men shuni aytishim kerakki, Vladimir Putinning qilgan ishlari menga yoqmaydi, lekin bu davlat boshqaruvida hech qanday ahamiyatga ega emas. Chunki biz dunyodagi eng katta taktik yadroviy qurollarga ega davlat bilan muloqotni saqlashimiz kerak. Bizga bu yoqadimi yoki yo‘q, Rossiya — global davlat, jahon qudrati. U Suriyadagi vaziyatda ishtirok etgan, Yaqin Sharq va hatto G‘arbiy yarim sharda ham muhim jarayonlarga aralashgan. Shunday ekan, biz ular bilan qandaydir aloqa o‘rnatishimiz shart", – deya fikr bildirdi AQSh Davlat kotibi.
Shuningdek, Rubio Vashington Moskva bilan muloqotni qayta tiklash yo‘lida avvalo elchixonaning to‘laqonli ishini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.