Rossiya Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar doirasida NATOdan o‘z qo‘shinlarini Sharqiy Yevropadan olib chiqib ketishni talab qildi , dedi Ruminiya hukumati. AQSh bu talabni rad etdi, biroq Donald Tramp kelajakda bunga rozi bo‘lishi mumkinligidan xavotir kuchaymoqda, deb yozadi Financial Times (FT).
Ruminiya milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Kristian Dekanesku vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi, deya ogohlantirdi.
“Hamma narsa har lahzada o‘zgarishi mumkin”, dedi u Antena3 telekanalida Trampning Ukrainani qattiq tanqid qilgani va Moskvaga yon berishga tayyorligini ta’kidlab.
Rossiya Ar-Riyoddagi muzokaralarda bu talabni ilgari surdi, ammo Amerika rasmiylari buni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Endi Yevropa yetakchilari, jumladan, Britaniya va Fransiya vakillari Trampni yon bermaslikka ko‘ndirish uchun Vashingtonga shoshilinch tashriflarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Sharqiy Yevropa davlatlari xavotirda. Tramp allaqachon xavotirli qarorlar qabul qilgan: u Ukrainaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilgan va Rossiya bilan munosabatlarni normallashtirishga va’da bergan.
Yuqori martabali mintaqaviy amaldorlardan biri FTga Tramp vaziyatning jiddiyligini tushunadimi yoki yo‘qmi, ishonchi komil emasligini aytdi.
"Moskva Ukrainaga bosim o‘tkazib, Vashingtonni aldashi xavfi bor", - deya ta’kidladi nashr manbasi.
Putin uzoq vaqtdan beri NATO Sharqiy Yevropadagi ishtirokini qisqartirishini xohlab, Moskvaning postsovet mamlakatlaridagi ta’sirini tiklashga intiladi. Bu 2022 yilda Rossiya-Ukraina urushi boshlanishidan oldin ultimatumning qismlaridan biri edi. Endi Trampning bayonotlari va harakatlari Putinga aynan o‘zi xohlagan narsani berishi mumkinligidan xavotir uyg‘otmoqda.
Tramp yaqinda Putinning Ukrainaning NATOga qo‘shilish istagi urushni qo‘zg‘atgani haqidagi gapini takrorladi. U, shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni “saylovsiz diktator” deb atadi va Yevropa davlatlarini tinchlik muzokaralarining dastlabki bosqichidan chetlashtirdi.