Qozog‘iston Kokaral to‘g‘onini saqlab qolish va Sirdaryo deltasini tiklash loyihasini yakunlamoqda. Bu haqda Qozog‘iston Suv xo‘jaligi vazirligi rasmiy vakili Moldir Abdualiyeva ma’lum qildi, deb yozmoqda «Kazinform».
“Kokaral to‘g‘onini saqlab qolish va Sirdaryo deltasini tiklash loyihasi yakuniy bosqichda. Yil oxirigacha vazirlik Shimoliy Orolni Katta Orol dengizidan ajratib turuvchi Ko‘karal to‘g‘onini rekonstruksiya qilishni yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu Shimoliy Orol dengizini asrab-avaylash, suvining sho‘rlanishini kamaytirish va mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi”, dedi u brifingda.
Shuningdek, u vazirlik Jahon banki bilan hamkorlikda 39 ta loyihani o‘z ichiga olgan Shimoliy Orol dengizini asrash loyihasining ikkinchi bosqichini ishlab chiqqanini ma’lum qildi.
“Ushbu loyiha qanday foyda keltiradi? Uning hayotga tatbiq etilishi 2 ming kishining doimiy bandligini ta’minlash, Qizilo‘rda viloyatida qishloq va baliqchilikni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Moldir Abdualiyeva.
Bundan tashqari, uning ma’lum qilishicha, mart oyi oxirigacha Shimoliy Orol dengiziga 1,6 milliard kub metr suv quyiladi.
Qayd etish joizki, Shimoliy Orol dengizini asrash loyihasining birinchi bosqichi amalga oshirilishi natijasida dengizdagi suv sathi 42 foizga oshdi.