Bugun 14 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Xovosda hokim o‘rinbosari, Karmanada hokim yordamchisi ushlandi

Xovosda hokim o‘rinbosari, Karmanada hokim yordamchisi ushlandi

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokim o‘rinbosari hamda viloyat investisiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisi o‘zaro til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilishadi.

Ular, tasarrufida 452 gektar yer maydoni bo‘lgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora ko‘rmaslik, shuningdek, go‘yoki Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tumandagi fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xo‘jalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming AQSh dollari olishadi.

Keyinroq esa hokim o‘rinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qo‘yish va fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘attirish bilan tahdid qilib, qo‘shimcha 20 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini o‘zining hamtavog‘i bo‘lgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda hokim o‘rinbosari hamda viloyat investisiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman bo‘limi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Karmana tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Aniqlanishicha, hokim yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kirib, 2024 yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yo‘li yoqasidagi 12 kv.m yer maydonini uni nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln so‘m talab qilgan.

Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 22:35 05.10.2025. O'qildi: 799 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!