Xorijda o‘zbek milliy taomlari restoranini tashkil etayotgan yoki allaqachon ochgan tadbirkorlarga xarajatlarning 50 foizigacha qismi subsidiya sifatida qoplab beriladi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali Telegram kanalida xabar berildi.
Subsidiyadan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan va xorijda o‘zbek milliy taomlari restoranini tashkil etgan yoki etayotgan tadbirkorlar foydalanishi mumkin.
Mazkur davlat xizmati Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya olish uchun tadbirkorlar quyidagilarni taqdim etishi lozim:
restoranning xorijda ro‘yxatdan o‘tganini va binoga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar;
sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligiga oid ma’lumotlar;
amalga oshirilgan xarajatlar hamda O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berishga oid hujjatlar;
restoranning ichki va tashqi ko‘rinishi aks etgan fotosuratlar.
Zaruratga qarab, tegishli hujjatlarning rasmiy tarjimasi ham talab etilishi mumkin.
Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, subsidiya mablag‘i 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Agar arizada kamchiliklar aniqlansa, tadbirkor ularni bartaraf etib, qayta murojaat qilishi mumkin.
Subsidiya olish uchun my.gov.uz portalidagi tegishli xizmat orqali ariza yuborish mumkin.