Xorazmlik fuqaro Ahmadjon Jumaniyozov “Sharqona lotto” lotereyasidan 2,5 milliard so‘m yutib oldi.
Aytishlaricha, u lotereyani yolg‘iz o‘zi o‘ynamagan.
Jumaniyozov AYOQShda ishlaydi. U ishdagi sheriklari bilan, jami 5 kishi o‘rtada pul tashlab lotereya o‘ynashgan. Kelishuvga ko‘ra, kimga yutuq chiqsa, o‘rtada teng taqsimlanishi belgilangan. Omad kelib, Jumaniyozovga jekpot nasib qilgan.
Xalq banki axborot xizmati xabariga ko‘ra, bugun Ahmadjon Jumaniyozovga yutuq summasi tantanali ravishda topshirilgan.
Aslida “Sharqona lotto” lotereyasining jekpot summasi 2 486 679 600 so‘m etib belgilangan edi. Biroq jekpot sohibi mazkur tirajda 6 ta emas, balki 10 ta raqamni ro‘yxatdan o‘tkazgani uchun keyingi kategoriyalar bo‘yicha ham yutuq summalariga, ya’ni 2 505 273 210 so‘mga ega bo‘lgan.