Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Xorazmda velosiped o‘g‘rilari sud zalidan ozodlikka chiqarildi

Xorazmda velosiped o‘g‘rilari sud zalidan ozodlikka chiqarildi

2019 yil 21 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishda ayblangan shaxslarga sud hukmi o‘qildi.

Birinchi ish holatlariga ko‘ra, V.G. (ism-sharifi o‘zgartirilgan) Hazorasp tumani, Muxomon qishlog‘i, Yangihayot mahallasida yashovchi G.Ko‘chkarovaning uyi oldidan Apachi nomli velosipedini o‘g‘irlab olib, juftakni rostlaydi, besh oy o‘tmasdan V.G. takroran o‘g‘irlik qilish maqsadida, Muxomon mahallasida yashovchi N.Iskandarovani uyining chorbog‘ ichkarisiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, mineral o‘g‘it joylangan aravachani o‘g‘irlab olib, g‘oyib bo‘ladi hamda oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan Pichoqchi qishlog‘i, B.Matirzayev mahallasida yashovchi K.Jumanazarovning yashash uyida ishlab yurib, uning Pantera nomli velosipedini ham o‘g‘irlab olib, voqea joyidan yashirinadi.

Ikkinchi ish holatlariga ko‘ra, D.E. (ism-sharifi o‘zgartirilgan) Majburiy ijro byurosi Bog‘ot tuman bo‘limi binosi oldida turgan, fuqaro A.Masharipovga tegishli bo‘lgan Ural rusumli velosipedini go‘yoki o‘ziniki qilib ko‘rsatib, hech kimga sezdirmasdan minib ketadi, oradan bir oy vaqt o‘tmasdan D.E.ning tekin moddiy naf ko‘rish istagi yana paydo bo‘lib, bu safar Karvonsaroy choyxonasi oldida turgan, fuqaro SH.Xudayberganovga tegishli bo‘lgan Aist rusumli velosipedini yashirin ravishda o‘g‘irlab olib, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.

Ikkala shaxs ham o‘g‘irlangan velosipedlarni arzon narxda o‘zga shaxslarga sotib, pullarni spirtli ichimlikka sarflab yuborishgan.

Sud hukmi bilan har ikkala sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi a bandi bilan aybli deb topilib, ularning muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zararlar to‘liq bartaraf qilinganligi inobatga olinib, har biriga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, sud zalidan ochiqqa chiqarildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, tuman sudi tomonidan 2018 yil mobaynida 8 ta jinoyat ishi yuzasidan 9 nafar shaxs sud zalidan ochiqqa chiqarilib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan, shuningdek mazkur davrda 36 nafar shaxs ozodlikni cheklash va 146 nafar shaxs axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan.

M.Ruzmetov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 14:26 04.03.2019. O'qildi: 1403 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!