Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Xorazmda jinoiy guruhning faoliyati uzoqqa bormadi

Xorazmda jinoiy guruhning faoliyati uzoqqa bormadi

Odam bolasi xudo bergan aqlni ezgulikka emas, tor va chirkin manfaatlar yo‘lida sarflashning oqibati hech qachon xayrli yakun topmaydi. Ammo hayotda nafs qutqusiga uchib, jinoyat ko‘chasiga kirayotgan kimsalar ham uchrab turadi. Bunday kimsalar totli turmush yo‘rig‘i bo‘lakcha ekani, unga faqat ezgu o‘y-fikr, ezgu amal va ezgu so‘zni diliga jo etganlargina yeta olishini, taassufki, bilishmaydi.

Oliy sudning yozishicha, 1979 yil Urganch shahrida tug‘ilgan Adham Bobojonovni ham aqlini ana shunday chirqin manfaatlar yo‘liga sarflaganlar toifasiga qo‘shish mumkin. U shu paytga qadar o‘zi­cha omad sanagan mo‘may boylikni xo‘p va ko‘p izladi. Shu hoy-u havas yo‘lida xorijiy davlatlar, aniqrog‘i, Rossiyaga borib keldi. Ana shu tariqa shumlik va quvlik yo‘llariga kirdi, mog‘orlagan ko‘ngli bemehnat boylikni qumsadi. Odamiylikka ham, qonuniylikka ham xilof amallarni ixtiyor etdi. Ammo har gal shum niyatining ne’matini emas, balki nordon «danagi»ni tatidi. 2009 yildan 2013 yilgacha o‘tgan vaqt ichida uch marta jinoiy javobgarlikka tortildi.

A. Bobojonov qonunbuzarlik ko‘chasidagi «dadilona yurish»lariyu uning ortidan tatigan shum qismatiga shu bilan nuqta qo‘ygandir, dersiz. Yo‘q, aksincha, davomli qilmishidan ham, shu bois tayinlagan jazodan ham or qilmadi. Shum niyatli kimsaning qilmishi endi yot ellarda emas, o‘z yurtida davom etdi. U navbatdagi jinoiy harakatini o‘ziga o‘xshagan va shu paytgacha jazoni o‘tash maskanining havosini davomli ravishda 2 marta sipqorgan (1976 yili tug‘ilgan bu kimsa 2008 yil giyohvandlik va giyohfurushlik jinoyati uchun 3 yil, 2010 yil esa, 4 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan) yana bir niyati buzuq kimsa — Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l shahrida yashovchi Aybek Bobojonov bilan amalga oshirdi.

A. Bobojonovga qolsa, u og‘ufurushlik borasidagi qilmishini giyohvandlik vositalariga bog‘lanib qolgani, uni muntazam iste’mol qilishi va bu matohni sotish niyati bo‘l­magani bilan izohlaydi.

Lekin fakt faktligicha qoladi va uni xaspo‘sh­lash, bo‘yab yoxud bo‘rttirib ko‘rsatishning aslo iloji yo‘q.

A. Bobojonov va uning jinoiy sherigi Aybekning hayotini yana bir marta ostin-ustun qilib yuborgan mash’um­ qilmishning payi, xayriyatki, barvaqt qirqildi. O‘tgan yilning 12 dekabrida boshlangan jinoiy faoliyatga  atigi 3 kun ichida chek qo‘yildi.

Voqealar rivojiga qaraganda, Adham o‘sha kuni Aybekdan To‘rtko‘l shahar bozori yaqinida narkotik moddalarga to‘yingan va taqiqlangan 24 dona «Tramadol» tabletkasini 200 ming so‘mga xarid qilgan.

O‘rtadagi og‘ufurushlik o‘sha yilning 15 dekabr kuni yana davom etgan. Bu gal xaridor sotuvchini emas, balki sotuvchining o‘zi xaridorni yo‘q­lab borgan. Oradagi sav­do-sotiq Urganch shahri — viloyat Ko‘p tarmoqli shifoxonasi yaqinida amalga oshirilgan. Aybek bu gal Adhamga jami 14 ta kanvalyutaga joylangan «Tramadol»ni 1 million 450 ming so‘mga pullagan. Ta’kidlash joizki, ushbu qo‘sha jinoiy voqea har ikki og‘ufurush o‘rtasida oshkora kechgan. Lekin shu orada pinhona voqealar ham yuz berdi. Bunga nomi o‘zgartirilgan holda hukmingizga havola etilayotgan fuqaro M. Karimovning narkotik vositalar oldi-sottisiga doir arizasi sabab bo‘lgani va o‘zaro savdo huquq-tartiboti xodimlari kuzatuvi ostida amalga oshirilganini alohida eslatish zarur.

Uqtirilganidek, ushbu ariza bois, Adham Bobojonovning harakatlari nazorat ostiga olindi. Katta miqdordagi «dori»ni qo‘lga kiritgan og‘ufurush esa, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. U fursatni bekor o‘tkazmadi. «Dori»ning bir yo‘la ikkita tabletkasini jig‘ildoniga joylagancha, xaridor M. Karimovga qo‘ng‘iroq qilib, mol sotishga tayyor ekanligini bildirdi. Xaridor ham hayallamadi. Shu zahotiyoq uchrashuv joyiga yetib bordi. Savdo pishdi. 2 ta kanvalyutadagi «Tramadol» giyohvandlik vositasi 350 ming so‘m evaziga Ad­hamdan sotib olindi. Ushbu savdodan so‘ng A. Bobojonov, tabiiyki, uzoqqa ketolmadi. Shu joyning o‘zidayoq to‘rga tushib, bo‘lajak voqealarni miridan-sirigacha aytib berishdan bo‘­lak chora topolmadi. Ayon bo‘lishicha, galdagi yirik miqdordagi savdo-sotiq tadbiri ha­li oldinda va chorasi ko‘rilsa, uning ham payini bemalol qirqish mumkin. Jinoyat ustida qo‘lga tushgan A. Bobojonov noilojlikdan pinh­ona kuzatuv ostida ana shu savdoni amalga oshirish tadbirida ishtirok etishga rozilik bil­dirdi. Bari kutilganidek bo‘l­di. Yuqorida zikr etilgan miqdordagi «dori» — jami 14 ta kanvalyutadagi «Tramadol» giyoh­vand­lik vositasi 1 million 450 ming so‘m evaziga xaridor Adhambekning qo‘liga o‘tdi.

Jinoiy sheriklarning uzoq davom etmagan qora qilmishiga ana shu tariqa nuqta qo‘yildi.

Tergov organi Adham Bobojonovning qilmishini Jinoyat kodeksining giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga doir jinoiy kirdikorlar sirasiga kiruvchi 273-moddasi 5-qismi, 276-moddasi 2-qismi «a» bandi, Ay­bek Bobojonovning qilmishini esa, 273-modda 5-qis­mi bilan malakaladi. Sud ush­bu holatni e’tirof etar ekan, ji­noiy qilmishga qo‘l urgan kimsalarning aybini yengillatuvchi jihatlar yetarli ekani, og‘irlashtiruvchi vajlar esa, mavjud emasligini aniqladi. Shunga ko‘ra, har ikkala sudlanuvchining aybiga to‘la iqrorligi, jinoyatni ochishga yor­dam bergani, ixtiyoridagi giyohvandlik vositalarini tergov organiga o‘z hohishi bilan taqdim etgani, oilaviy va moddiy ah­voli inobatga olindi. Shu munosabat bilan har ikkala sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining yengil jazoni nazarda tutuvchi 57-moddasini qo‘llash mumkin, degan xulosaga kelindi va bu holat chiqarilgan hukmda o‘z ifodasini topdi.

Shunday esa-da, giyohvandlik va giyohfurushlik — ijtimoiy jihatdan ancha xavfli va jiddiy sanalgan kechirilmas jinoyat. Shu bois, bunday holatlarni xaspo‘shlash, og‘ir va asoratli qilmish ekanligini inkor  etishning imkoni yo‘q. Sud shu munosabat bilan Adham Bobojonov va Aybek Bobojonovlarning har birini 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Kiritildi: 12:15 16.06.2020. O'qildi: 3522 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!