Tahririyatga Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida yashovchi nafaqadagi o‘qituvchi Alijon Bakirjonovdan shikoyat arizasi kelib tushdi. Unda Farg‘ona tumanidagi 9-maktabdagi nohaqliklar qalamga olingan. Jumladan, ushbu ta’lim muassasasida mehnat qilayotgan jiyani Mahliyo So‘fiyevani maktab direktori X.Turdimatova tomonidan muntazam haqoratlanishi, nohaq ishdan bo‘shatilgani va maktabda nosog‘lom muhit hukm surayotgani yozilgan.
“Jiyanim, So‘fiyeva Mahliyo uch yildan buyon tumandagi 9-maktabda rus tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. 2017 yilning avgust oyida u maktab direktori X.Turdimatova tomonidan haqoratlanib, og‘zaki buyruq bilan nohaq ishdan bo‘shatiladi. Qo‘liga hech qanday ogohlantirish xati berilmaydi. 3 oylik homilador So‘fiyeva Mahliyo kamsitilgani, sog‘ligi yomonlashgani sababli shifokorga murojaat qiladi. Natijada bir hafta davomida uyda davolanadi. Shundan so‘ng viloyat kasaba uyushmalari federasiyasiga murojaat qildik. Arizamizni o‘rgangan ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman bo‘limi rahbari O.Rahmonov masalani o‘rganib, nohaq ishdan bo‘shatilganini aniqlaydi.
Mutasaddilar maktab jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazib, jiyanimni ishga tiklab ketdi. Bu vaqtda maktab direktori malaka oshirishda bo‘lgani uchun kasaba uyushmasi a’zolari yig‘ilishida ishtirok etmadi”.
Bu paytda Mahliyo So‘fiyevaning turmush o‘rtog‘i Elyor So‘fiyev ham shu maktabda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlar edi. Ammo u ham ikkki o‘t orasida qolgani uchun o‘z xotiniga yordam bera olmaydi.
Bu shikoyat ortida inson taqdiri yotibdi. Shu bois muammoga oydinlik kiritish va masalani xolis o‘rganish maqsadida 9-maktabga bordik. Biz borgan payt maktabda o‘quv yili yakunlanayotgan edi. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elmurod Karimov muddaomizni eshitib, tumani xalq ta’limi bo‘limidan ruxsat olib kelishimizni, aks holda maktabga kirita olmasligini bildirdi. Direktor Xolida Turdimatovaga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz esa javobsiz qoldi.
Jurnalistik odob qoidalarini buzmagan holda o‘z haq-huquqlarimizni tushuntirmoqchi bo‘ldik. Ammo Elmurod Karimov bir gapni ushlab olib, bizni eshitishni xohlamadi. Undan faqatgina maktabda 748 nafar o‘quvchi o‘qishini bilib oldik, xolos.
Shundan so‘ng tuman xalq ta’limi bo‘limiga bordik. Dastlab, mudir Rasuljon Turg‘unovni viloyatda yig‘ilishda deyishdi, so‘ng o‘zi bilan qo‘l telefoni orqali gaplashganimizda tuman markazida tadbirda ekanini aytdi.
Rasuljon Turg‘unovga juda ko‘p savollar berdik: «Nega 9-maktabga kirishimizga rozi bo‘lmayapsizlar? Nega maktab hayoti bilan tanishishga ruxsat bermayapsizlar? Maktabning tumandagi reytingi qanaqa? O‘tgan uch yil davomida maktab bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” kabi tanlovlarda qanday natija qayd etgan?» kabi savollarimiz javobsiz qoldi.
Aksincha, mudir Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasida ishlovchi Umid ismli xodimga qo‘ng‘iroq qilishimizni tayinladi. U bilan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining qo‘l telefoni orqali gaplashdik. Umidjon ham maktabga kiritilmayotganimiz sababini izohlay olmadi.
Va nihoyat yana tuman markazidan 35 km. uzoqlikdan yo‘l bosib, Mindon qishlog‘iga qaytdik.
Ismi sir qolishini istagan o‘qituvchi biz bilan suhbatda quyidagilarni aytib berdi:
— O‘quv yili yakunlanishini hech kim menchalik kutmayotgan bo‘lsa kerak. Chunki bu erda ishlash bugungi kunda qahramonlik bo‘lib qoldi. Birinchi navbatda direktorimiz Xolida Turdimatova bilan ishlash azobga aylanib qoldi. Arzimagan narsaga jahli chiqadi, o‘quvchilar oldida ham bizni behurmat qiladi. Sal narsaga baqirib, ishdan bo‘shatish haqida tahdid qiladi. To‘g‘risi, siz bilan uchrashib, gaplashayotganimni birov ko‘rib qolishidan qo‘rqyapman. Sababi, u bu haqda bilib qolsa menga yana tahdid qilishni boshlaydi. Kimki uning ustidan shikoyat qilsa, oxir-oqibat o‘zi aybdor deb topiladi. Agar jahli chiqib turgan bo‘lsa, o‘sha xodimni ishdan bo‘shatib yuboradi. Maktabda guruhbozlik avj olgan. Direktor bu kabi illatlarni yo‘qotish, maktabda sog‘lom muhitni rivojlantirish o‘rniga o‘zi bosh-qosh bo‘lib nosog‘lom muhitni shakllantirib qo‘ydi.
Yig‘ilishlarda hech kimni ayab o‘tirmaydi. O‘qituvchining zig‘irdek aybini topib olsa, uni barcha hamkasblari oldida sharmanda qiladi. Qishloq joyda ayollarga boshqa ish yo‘qligi, boshqa maktablar bu qishloqda yashovchi ayol o‘qituvchilarga uzoqlik qilgani uchun noiloj shu maktabda ishlashga majburmiz. Agar oilamizdagi sharoit yaxshi bo‘lganida, turmush o‘rtog‘imiz ko‘proq pul topganida, bir daqiqa ham bu ayol rahbarlik qilayotgan maktabda ishlamasdik.
— Men bu dunyoda adolat, haqiqat yo‘qligiga yana bir karra ishondim, — dedi jabr ko‘rganlardan yana biri. — Men bu maktabda hamshira bo‘lib ishlardim. 2017 yilda paxta paytida bir-ikki kun sababli paxtaga chiqmaganim, direktorning ayrim noqonuniy talabini bajarmaganim uchun menga tazyiq o‘tkazishni boshladi. Shunday qilib direktor hech kun bermagach, boshqa maktabga ishga o‘tib ketishga majbur bo‘ldim. Hozirgi kunda uyimdan 35 km. uzoqlikdagi maktabga borib, ishlayapman.
— Maktabimiz o‘quvchilari bilimga chanqoq, iqtidorli o‘quvchilar. Menga eng alam qilayotgani shunday iqtidorli va iste’dodli bolalar maktabdagi guruhbozlik, ayirmachilik orqasidan yetarli bilim ololmayapti. Direktorning men bilan teskari bo‘lib qolishiga sabab, paxta terimiga chiqmaganman. Asosiy ishim o‘quvchilarga fanni o‘rgatish, deganman. Boshqa maktablarda o‘quvchini bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasiga tayyorlaydigan o‘qituvchilarga sharoit yaratib beriladi-ku. Xolida Turdimatova maktabda o‘qituvchidan sifatli ta’lim berishni emas, turli jamoatchilik ishlarida faol qatnashishni talab qiladi. Bundan uch-to‘rt yil avval paxtaga bir-ikki kun chiqmaganim uchun haligacha men bilan teskari. Turli asabbuzarliklar dars sifatiga ham ta’sir qilmay qolmayapti, — dedi yana bir o‘qituvchi.
Nega shuncha muammo va kamchiliklar bo‘la turib bu haqda maktab jamoasi emas, nafaqadagi o‘qituvchi yuqori tashkilotlarga shikoyat yozmoqda? Nega o‘qituvchilar o‘z ismi shariflarini bu qadar sir tutishni so‘ramoqda? Nega ular “bizga hech narsa qilmaydimi?” deya qayta-qayta so‘ramoqda?
— O‘qituvchilarning dardi ichida, — dedi arizachi Alijon Bakirjonov biz bilan suhbatda, — Sababi, ular tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga shikoyat qilsa, direktorga mudir hech qanday chora ko‘ra olmaydi. Chunki direktor Xolida Turdimatova Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Turdimatovning qonuniy turmush o‘rtog‘i. Shuning uchun Xolida Turdimatovaning hatto tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri ham mushugini pisht deya olmaydi.
So‘zimiz Mahliyo So‘fiyevaga bo‘layotgan tazyiqlar haqida edi. Mahliyoning turmush o‘rtog‘i Elyorjon So‘fiyev bo‘layotgan ishlarga dastlab e’tibor bermadi, so‘ngra xotini va boshlig‘i o‘rtasidagi tortishuvga chidamadimi yoki boshqa sabablar ham bor edimi, hayu-hayt deb Rossiyaga ketvordi. Mana bir yildan buyon u Rossiyada oshpazlik qilmoqda.
— 2016-2017 o‘quv yilida maktabning sakkiz nafar o‘qituvchisi boshqa maktablarga ishga o‘tib ketdi, — dedi yana bir o‘qituvchi. – Direktorimiz juda qasoskor ayol. Kimdir unga gap qaytarib qo‘ysa, yoki fikrlari va qilayotgan xatti-harakatlari noto‘g‘ri ekanligini aytib qo‘ysa, boshi baloga qoladi. Direktor ana shu o‘qituvchini ishdan bo‘shatmaguncha tinchimaydi. Har qanaqasiga ayb topib, boshqa hamkasblarimiz oldida izza qilaveradi.
Direktor Xolida Turdimatova bilan bog‘lanish uchun qilgan urinishlarimiz samara bermadi. Maktabdan topolmadik, telefon raqami esa doimo band rejimida turibdi.
A.Bakirjonovning arizasida, shuningdek, maktab bog‘idagi meva-chevalar sotuvidan tushgan pullar o‘zlashtirib yuborilgani, o‘qituvchi va yuqori sinf o‘quvchilariga majburiy ravishda kitob sottirilganligi, yuqori sinf o‘quvchisining noo‘rin xatti-harakatlari sabab boshqa maktabga majburiy ravishda o‘tkazib yuborilganligi kabi vajlar ham keltirilgan.
Ammo maktabga kira olmaganligimiz, direktorni topa olmaganligimiz, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiridan ham savollarga javob ololmaganimiz uchun bu vajlar nechog‘li haqiqatga mos kelishini ayta olmaymiz. Qo‘limizda esa Alijon Bakirjonovning yuqori tashkilotlarga yozgan o‘nlab shikoyat va arizalarining nusxalari mavjud.
Bu masalaga Farg‘ona viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi javob beradi, deb umid qilamiz.
Manba: sof. uz