Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyani ukrainaliklarni o‘ldirishni to‘xtatishga va urushdan voz kechishga nima majbur qilishi kerakligini ma’lum qildi. U bu haqda Telegramda yozib qoldirdi.
"Xarkov, Dnepr, Dobropole va boshqa shahar-u jamoalarimiz. Bu tun davomida Rossiyaning 100 dan ortiq hujumkor droni, hafta boshidan buyon esa 375 ta hujumkor dron, ularning 190 tadan ko‘prog‘i "Shahid"lar bo‘lgan," deya ta’kidladi prezident.
Uning aytishicha, Xarkovda ikki to‘lqinli hujum natijasida 45 dan ortiq kishi, jumladan ikki bola jarohatlangan. "Eng yosh jabrlanuvchi atigi besh yoshda. Barchaga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Joylarda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Turar-joy hududlari, ko‘p qavatli uylar, shifoxona, maktab zarar ko‘rgan. Shaharning jami 13 ta fuqarolik ob’ekti shikastlangan," - dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Dnepropetrovskdagi hujumlar oqibatida bir kishi halok bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Yana bir kishi yarador bo‘ldi. Fuqarolik infratuzilmasi hujumga uchradi.
"Ukraina osmonida Rossiya dronlari butun tong davomida uchishni davom ettirmoqda. Bu har kuni shunday. Aynan shu sababli Rossiyaga bosim o‘tkazish, ta’sir ko‘rsatadigan kuchli qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish zarur. Rossiyani o‘t ochishni to‘xtatishga va urushni tugatishga majbur qiladigan narsa shunchaki so‘zlar yoki ishontirish emas, balki bosimdir. Bu bosim Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa va dunyodagi urushning yer yuzida o‘rni yo‘q deb hisoblovchi barcha insonlar tomonidan bo‘lishi kerak. Xalqimizni himoya qilish uchun qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak, ular Rossiyaning havo terrorini imkonsiz qiladi," - deya ta’kidladi Zelenskiy.